Toshkentda bir necha shaxslar fuqarolardan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan pul yig‘ayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Poytaxt IIBB ularning shaxsi aniqlanganini ma’lum qildi.
5-iyul kuni Chilonzor tumanidagi bog‘larning birida 2004-yilda tug‘ilgan Sh.S., 2001-yilda tug‘ilgan S.S. va 2004-yilda tug‘ilgan T.A. fuqarolar bilan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan masjid qurilishi, nogironlarga yordam kabi bahonalarni ishlatib pul yig‘ayotganlari ma’lum bo‘lgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlangan va ulardan ashyoviy dalil sifatida pul mablag‘lari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.