Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan 4-aprel kuni Toshkent shahrida tantanali harbiy piyoda yurish tashkil etiladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tadbir Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetidan (“Pushkin” metro bekati yaqinida) soat 08:00 da boshlanib, 12:30 ga qadar davom etadi. Harbiy bo‘linmalar Parkent va Mustaqillik ko‘chalari bo‘ylab harakatlanadi.

Yurish davomida harbiylar Amir Temur jangovar bayrog‘ini ko‘targan holda zamonaviy jangovar va kundalik harbiy liboslar, shuningdek, tarixiy davrga oid qurol-aslaha va kiyimlarda saf tortadi.

Amir Temur xiyobonida esa teatr sahnalari, faxriy qorovul chiqishlari, qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmalari hamda harbiy orkestrning defile dasturi namoyish etiladi.

Tadbir yakunida bo‘linmalar Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalari orqali boshlang‘ich nuqtaga qaytadi. Shu kuni soat 08:00 dan 12:30 gacha mazkur ko‘chalarda avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi.

Mudofaa vazirligi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, poytaxt aholisi va mehmonlarini ushbu tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 03/04/2026