XitoyningTianjin Rail Transit Groupkompaniyasi Toshkent—Samarqand yangi temiryo‘l liniyasini barpo etish loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 14-avgust kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Xitoyning ushbu kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Yunkan Mа bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda tomonlar metropoliten va temiryo‘l transportini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Xitoy tomoni mavjud metro liniyalarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, shuningdek, Toshkent—Samarqand yangi temir yo‘l liniyasini barpo etish loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Kompaniya mazkur loyihalarni batafsil o‘rganish asosida o‘z takliflarini taqdim etishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Jasurbek Choriyev Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li va Transafg‘on koridorini qurish bo‘yicha yirik loyihalar haqida axborot berdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarni jalb etish borasida hamkorlikka qiziqish yuqori ekanii bildirdi.

31-iyul kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Tyantszin shahrida infratuzilma, energetika, transport va turizm sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan Xitoyning yetakchi kompaniyalari, shu jumladan, Tianjin Rail Transit Group Corporation rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Kompaniya metro tizimlari bo‘yicha ilg‘or yechimlarini, jumladan avtomatlashtirish, harakatni boshqarish va xodimlarni o‘qitish bo‘yicha tajribasini taqdim etgandi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 15/08/2025