Toshkent metrosi uchun 14 ta besh vagonli elektropoyezd, jami 70 ta vagon xarid qilish rejalashtirilmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 8-oktyabrdagi qarori bilan loyiha konsepsiyasi ma’qullandi.

Hujjatga ko‘ra, hozir foydalanilayotgan vagonlarning katta qismi bir necha o‘n yil avval ishga tushirilgan va ularning xizmat muddati tugab bormoqda. Shu sababli ayrim vagonlarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida olti vagonli poyezdlardan foydalanish imkoniyati ham o‘rganilgan. Biroq metro bekatlaridagi eng qisqa platformalar bunday tarkiblarning harakatlanishiga mos emas. Ularni ishlatish uchun stansiyalarni qimmatga tushadigan tarzda qayta qurish talab etiladi. Shu bois besh vagonli zamonaviy elektropoyezdlarni xarid qilish ma’qul deb topilgan.

Loyihaning investitsiyadan oldingi bosqichi 2026-yil davomida amalga oshirilishi va 12 oygacha davom etishi rejalashtirilgan. Umumiy investitsiya davri esa 2026–2027-yillarni qamrab oladi.

Yangi vagonlarni xarid qilishni moliyalashtirish uchun eksport-kredit agentliklari, xalqaro moliya institutlari va boshqa manbalardan qarz mablag‘larini jalb etish variantlari ko‘rib chiqilmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, moliyalashtirish manbasini tanlash nafaqat qarz olish xarajatlariga, balki loyihaning umumiy qiymatiga ham ta’sir qiladi. Yakuniy ko‘rsatkichlar yetkazib beruvchilar va moliya institutlari bilan muzokaralar, bozor sharoitlari, valuta kurslari, uskunalar narxi, logistika xarajatlari hamda kredit shartlariga qarab o‘zgarishi mumkin.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 09/10/2026