Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab tabiatga zarar yetkazganlik uchun kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzidagi barcha imtiyozlar bekor qilinadi. Shu sanadan boshlab mazkur imtiyozlarni nazarda tutuvchi barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi. Endilikda bu boradagi yengilliklar faqat qonun orqali belgilanishi mumkin.
Shuningdek, ekologiyani muhofaza qilish talablarini istisno qilish yoki bu talablarga rioya etmaslikka ruxsat beruvchi hujjatlarni qabul qilish taqiqlanadi. Bunga ekologik ekspertiza xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish yoki ko‘chirishga oid hukumat qarorlari, farmoyishlar va bayonnomalar ham kiradi.
Ekologiyani asrash bo‘yicha umummilliy loyihalarni moliyalashtirish maqsadida Ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
Jamg‘arma quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
— 2025-yilda respublika byudjetidan ajratiladigan 900 mlrd so‘m;
— 2026-yilda 8-ilovaga muvofiq tadbirlar uchun ajratiladigan 548 mlrd so‘m;
— 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston tasarrufidagi uglerod birliklari savdosi natijasida tushadigan mablag‘larning 20 foizi.
Shuningdek, jamg‘armaga atrof-muhitni ifloslantirish va chiqindi tashlash uchun undiriladigan kompensatsiya to‘lovlari, ekologiya talablarini buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy yoki sud tartibida undiriladigan jarimalar va moliyaviy sanksiyalar kiritiladi.
Transport vositalarini import qilishda rasmiylashtiriladigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi ham jamg‘arma mablag‘lariga yo‘naltiriladi.