Sog‘liqni saqlash vazirligi jazirama tufayli aholini allergik reaksiyalar paydo bo‘lishidan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, issiq kunlarda yuqori darajadagi ultrabinafsha nurlanish teri kasalliklari va allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikovaning so‘zlariga ko‘ra, ultrabinafsha nurlar teridagi moddalar bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, “fotodermatoz” deb nomlanuvchi xastalikni yuzaga keltiradi. 

Bu kasallik ko‘krak, bo‘yin va qo‘l sohalarida toshmalar, qizil dog‘lar, qavariqlar, qichishish va shishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Fotodermatoz odatda quyoshga chiqqan ilk soatlardan boshlab bir haftagacha namoyon bo‘lishi mumkin. Kasallik o‘z vaqtida davolansa, asoratlarsiz o‘tadi, ammo ayrim hollarda surunkali shaklga o‘tishi ham ehtimoldan xoli emas.

Mutaxassislar quyoshdan himoyalanish uchun quyidagi tavsiyalarni bermoqda:

  • soat 10:00 dan 16:00 gacha ochiq quyosh ostida yurmaslik, soyali joylarda bo‘lish;
  • yopiq, yengil kiyimlar kiyish;
  • teriga maxsus quyoshdan himoyalovchi krem surtish;
  • fotosensitivlikni kuchaytiradigan dorilarni qabul qilishda ehtiyot bo‘lish.

Keltirilishicha, eritromisin, tetrasiklin va streptomisin kabi preparatlar ultrabinafsha nurlarni yutish xususiyatiga ega. Ularni qo‘llagan bemorlarga issiq kunlarda quyosh nuri ta’siridan saqlanish tavsiya etiladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 23/07/2025