Rossiya Federatsiyasi sudi Lipetsk viloyatida jazoni ijro etish muassasasidan qochgan va qo‘lga olish chog‘ida politsiya xodimiga qarshilik ko‘rsatgan O‘zbekiston fuqarosini 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil oktyabr oyida 2-sonli koloniyadan jami olti kishi qochgan bo‘lib, ularning to‘rttasi O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.
Mazkur shaxs Tambov viloyatida ushlangan. Qo‘lga olish jarayonida u kuch ishlatgan va natijada politsiya xodimining qo‘li singan. Jarohat o‘rta og‘irlikdagi tan jarohati sifatida qayd etilgan.
Sud qarorida ayblanuvchi Rossiya Jinoyat kodeksining 318-moddasi 2-qismiga muvofiq (“Hokimiyat vakiliga xizmat vazifasini bajarish vaqtida sog‘liq uchun xavf tug‘diruvchi zo‘ravonlik qo‘llash”) aybdor deb topilib, qattiq tartibli koloniyaga yuborilgan.