Qoraqalpog‘istonda mayningga ixtisoslashgan maxsus zona tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Qaror bilan 2025-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Mayningga ixtisoslashgan maxsus zona tashkil etish rejasi ushbu dasturda ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2025-yil sentayabrgacha Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilishi lozim.

Maxsus zonada mayning uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Maxsus zonadan mayning uchun yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda elektr energiyasidan foydalanilgan taqdirda maxsus tariflar qo‘llaniladi.

2025-yil noyabrda qaror loyihasi belgilangan tartibda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Mayning — hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyati. Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkin.

2023-yilning oktyabrida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Mayningni ruxsatnomasiz amalga oshirish taqiqlanadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 19/08/2025