O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 6-iyul holatiga ko‘ra, 5 mlrd kVt/soatni tashkil qildi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu o‘tgan vaqt mobaynida kuniga o‘rtacha 26,7 mln kVt/soat elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olindi, deganidir. Mazkur generatsiyaning 3 mlrd 125,4 mln kVt/soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 1 mlrd 915,1 mln kVt/soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
- 1 mlrd 515 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 2 mln 220 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Bugungi kunda mamlakatning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4 119 megavatt bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.