O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab fuqarolarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nafaqat davlat, balki xususiy tibbiyot muassasalarida ham tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Bu tizim prezidentning 2024-yil 23-sentyabrdagi qaroriga muvofiq joriy etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi qarori bilan yangi tartibni belgilovchi nizom tasdiqlandi. Unda bemorlarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatadigan davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga yo‘naltirish tartibi belgilangan.
Nizomga ko‘ra, yo‘llanma asosida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar tuman (shahar) va hududiy darajada aholining barcha toifalariga, respublika darajasida esa imtiyozli bemorlarga ko‘rsatiladi. Yo‘llanma QR-kodga ega elektron hujjat bo‘lib, bemorga ma’lum kasalligi bo‘yicha davlat yoki xususiy tibbiyot muassasasida davolanish imkonini beradi.
Davlat hisobidan davolanish uchun bemor o‘zi biriktirilgan oilaviy shifokor yoki tibbiy-sanitariya muassasasiga murojaat qiladi. Shifokorlar tekshiruvdan so‘ng zarurat bo‘lsa, bemorni tor soha mutaxassisiga yo‘naltiradi. Agar statsionar davolanishga ehtiyoj aniqlansa, elektron tizim orqali yo‘llanma beriladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy qilingan hududlarda bemorlar o‘z xohishiga ko‘ra ushbu tizimda ishlovchi istalgan tibbiyot muassasasini tanlashi mumkin. Mexanizm joriy etilmagan hududlarda esa bemorlar yashash joyidagi tibbiyot muassasasiga yuboriladi.
Agar bemorning holati respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida davolanishni talab etsa, yo‘llanma tibbiy-tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va elektron tarzda tasdiqlanadi.
Bemor tanlov huquqiga ham ega: 30 kun ichida u Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan davlat yoki xususiy tibbiyot tashkilotlari ro‘yxatidan o‘ziga mos klinikani tanlashi mumkin.