O‘zbekistonda yil boshidan soliq huquqbuzarliklari haqida 63 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, 2025-yilning yanvar—iyul oylarida “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 63 988 ta murojaat kelib tushgan.

Shundan:

  • 57 672 tasi xarid cheki bermaslik;
  • 2 278 tasi to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik;
  • 145 tasi plastik karta uchun xarid summasini oshirish;
  • 3 893 tasi boshqa turdagi huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha.

Murojaatlarning 31 423 tasi takroriy bo‘lganligi yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotganligi sababli ko‘rib chiqilmagan. Murojaatlar asosida 25 924 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, 98,9 foiz holatda huquqbuzarlik tasdiqlangan.

Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 27 451 ta holat bo‘yicha (undirilgan jarima summasidan 20 foizi) 19,7 mlrd so‘m mukofot to‘langan.

Eng ko‘p mukofot puli Toshkent shahrida kelib tushgan murojaatchilarga berilgan — 4 milliard 855 million 500 ming so‘m. Eng kami esa murojaatlar soni ham kam bo‘lgan Jizzax viloyati aholisiga to‘langan — 574,5 million so‘m.

O‘zbekistonda soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan shaxslarni pul bilan rag‘batlantirish amaliyoti 2022-yil boshidan boshlab joriy etilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 18/08/2025