O‘zbekiston bo‘ylab Ramazon oyida 2000 dan ortiq masjidda tarovih namozlari o‘qiladi. 18-fevraldan boshlab ado etiladigan namozlar soat 20:30 dan keyin boshlanadi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, har kuni tarovih namozlarida taxminan 1 millionga yaqin fuqaroning ishtirok etishi kutilmoqda. Jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida qariyb 20 ming nafar ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya, shuningdek Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb qilinadi.

Masjidlar atrofi videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, ular IIV Jamoat xavfsizligi departamentining monitoring va muvofiqlashtirish markaziga ulangan. Favqulodda holatlar uchun esa 200 dan ortiq maxsus texnika shay holatda turadi.

Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun 2500 ga yaqin Yo‘l patrul xizmati xodimi xizmat olib boradi. Ayrim masjidlar joylashgan ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi, kirish joylariga maxsus to‘siqlar o‘rnatiladi hamda 150 metr masofada alohida avtoturargohlar tashkil etiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilardan transport vositalarini qoidabuzarlik bilan qoldirmaslikni so‘rab, fuqarolarga imkon qadar piyoda yoki jamoat transportidan foydalanishni tavsiya etdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 17/02/2026