O‘zbekiston hukumati 2025-yil 22-oktabrda qabul qilgan qaroriga muvofiq, qurilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab quriladigan turar joy majmualari nomi faqat davlat tilida yoziladi hamda davlat tili qoidalari va talablariga to‘liq rioya etilishi shart bo‘ladi.
Endilikda bino pasportlari, peshlavhalar, qurilish maydonlari atrofidagi vaqtinchalik devor va to‘siqlardagi barcha yozuvlar, shu jumladan reklama va e’lonlar matnlari ham davlat tilida yozilishi belgilandi.
Shuningdek, obyektlarda qurilish-montaj ishlarini boshlash yoki foydalanishga ruxsatnoma olishda mualliflik, texnik va ichki nazorat bilan bog‘liq hujjatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyalariga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, tegishli vazirlik va agentliklar bir oy muddatda “E-XSUD” axborot tizimini, shuningdek, ekologiya sohasida ruxsatnomalar berish elektron tizimini “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” hamda “Shaffof qurilish” tizimi bilan integratsiya qilishi belgilandi.
Qaror rasman e’lon qilingan kundan boshlab uch oydan so‘ng kuchga kiradi.