Pokiston va O‘zbekiston o‘zaro tranzit savdosini Xitoy orqali yo‘naltirishga kelishib oldi. Bunga Afg‘oniston orqali o‘tadigan savdo yo‘laklarining amalda yopilishi hamda Eron atrofidagi xavfsizlik vaziyatining murakkablashgani sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Pakistan Today nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarining 21-iyul kuni Pokistonga tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasidagi Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi protokol imzolanishi kutilmoqda.
Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, mavjud tranzit yo‘nalishlari qatoriga Xitoy koridori ham qo‘shiladi. Natijada yuklar Pokistondagi Sost quruqlik porti va Xitoy hududi orqali Markaziy Osiyoga yetkazilishi mumkin bo‘ladi.
Pakistan Today bilan suhbatlashgan rasmiylardan birining aytishicha, mazkur qaror mintaqadagi o‘zgaruvchan xavfsizlik sharoitida tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va ikki davlat o‘rtasidagi yuk tashish uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.
Pokiston ushbu koridordan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, jumladan, O‘zbekistonga eksport qilinadigan mahsulotlar uchun qo‘shimcha yo‘nalish sifatida foydalanishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston esa yangilangan kelishuv doirasida Pokistonning dengiz portlaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qoladi.
Afg‘oniston yo‘nalishi nega muammoga aylandi?
Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi eng qisqa va iqtisodiy jihatdan qulay yo‘l Afg‘oniston orqali o‘tib kelgan. O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston transport koridori Markaziy Osiyoni Arab dengizi bilan bog‘laydigan istiqbolli temiryo‘l loyihasining ham asosi sifatida ko‘rilgan.
Biroq Islomobod va Kobul o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgach, mazkur yo‘nalish amalda ishlamay qoldi. Pokiston 2025-yil oktabr oyida chegaradagi to‘qnashuvlardan so‘ng “Torxam” va “Chaman” kabi asosiy chegara o‘tkazish punktlarini yopgan.
Bu nafaqat Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan tranzit yuklarga, balki Afg‘onistonning o‘ziga eksport qilinadigan mahsulotlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Pokiston kompaniyalari ushbu mamlakatga oziq-ovqat, farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa iste’mol tovarlarini yetkazib berib kelgan.
Ishbilarmonlar hisob-kitobiga ko‘ra, 2026-yil boshida chegaralarning yopiq qolishi Pokiston eksportchilariga oyiga qariyb 177 million dollar zarar keltirgan.
Eron yo‘nalishi ham xavf ostida
Pokiston joriy yil aprel oyida Markaziy Osiyo bilan savdo aloqalarini davom ettirish maqsadida Eron orqali o‘tadigan yangi transport yo‘nalishini ishga tushirgan edi.
Ammo Eron atrofidagi harbiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi ushbu koridorning istiqboliga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mintaqadagi xavfsizlik xatarlari yuk tashish, sug‘urta va logistika xarajatlarini oshirmoqda.
Shu sababli Xitoy orqali o‘tadigan yangi koridor O‘zbekiston va Pokistonga Afg‘oniston hamda Eronni chetlab o‘tuvchi muqobil yo‘lni taqdim etadi.
Yangi koridor qanchalik samarali?
Mutaxassislar fikricha, Xitoy yo‘nalishi strategik jihatdan muhim bo‘lsa-da, u Afg‘oniston orqali o‘tadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri marshrutdan ko‘ra uzoqroq va qimmatroq bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha chegara nazorati, logistika xarajatlari va tranzit vaqti yuk tashish tannarxini oshiradi. Shu bois yangi koridor Afg‘oniston yo‘nalishini to‘liq almashtirishdan ko‘ra, ehtimoliy xavflarga qarshi zaxira variant sifatida ko‘rilmoqda.
Savdo hajmi 446 million dollarga yaqinlashdi
O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Pokistonning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi.
2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 445,9 million dollarga yetgan. Shundan Pokistonning O‘zbekistonga eksporti 120,9 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistonning Pokistonga eksporti va xizmatlar hajmi 325 million dollarni tashkil qilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, yangi tranzit kelishuvi masofa va xarajatlar bilan bog‘liq muammolarni to‘liq bartaraf etmasa-da, Pokiston va O‘zbekiston savdosining yagona tranzit yo‘nalishga qaram bo‘lib qolishining oldini olishi mumkin.