Migratsiya agentligi ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Bolgariya fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish bo‘yicha pilot loyihani yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, agentlik rahbari Behzod Musayev 6-mart kuni Bolgariya Avtotransportchilar palatasi (CBRH) boshqaruv kengashi raisi Petko Angelov bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Muzokaralar davomida o‘zbekistonlik fuqarolarni Bolgariyada rasmiy tartibda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, ishga yuboriladigan mutaxassislarni oldindan tayyorlash jarayonlari ham ko‘rib chiqilgan.

Tomonlar litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik mexanizmlarini muhokama qilib, fuqarolarni qonuniy asosda ishga yuborish tizimini shakllantirishni rejalashtirmoqda.

Bolgariya tomoni transport va logistika sohasida kadrlar yetishmasligi mavjudligini bildirgan. Shu sabab ushbu yo‘nalishda ishlash uchun malakali mutaxassislarni jalb etishga ehtiyoj borligi ta’kidlangan.

Uchrashuvda diagnostika uskunalari va elektron tizimlar bilan qisqa moslashuvdan so‘ng ish boshlay oladigan mexaniklar va texnik mutaxassislar haqida ham so‘z borgan. Ularning malakasi hamda lavozimiga qarab 2 500 yevrogacha maosh olishi mumkinligi qayd etilgan.

Shuningdek, haydovchilar uchun Yevropa Ittifoqi qoidalari asosida tayyorgarlikdan o‘tish muhimligi ta’kidlangan. Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni kengaytirish, pilot loyihani ishga tushirish hamda maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/03/2026