Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida “General Motors International” kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Amin bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda korporatsiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. “General Motors”ning O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishdagi o‘rni alohida qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi besh yil ichida kompaniya tomonidan 1,6 million dona avtomobil ishlab chiqarilgan. O‘zbekiston “Chevrolet” brendi uchun AQSHdan keyin ikkinchi yirik bozorga aylangan, shuningdek, mamlakat Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida sotuvlar bo‘yicha yetakchilikni egallab turibdi.
Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, mahsulotlar turini kengaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.