Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda oltin qazib olish bilan shug‘ullangan uyushgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Xatirchi tumanining “Oqtepa” mahallasida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan O.B. o‘z atrofiga 1988–2007-yillarda tug‘ilgan bir guruh yoshlarni birlashtirgan.
Mazkur guruh Xatirchi tumanidagi Oltinsoy tog‘ tizmalari hududida ruxsatnomasiz va qo‘lbola usulda kon qazish ishlari bilan muntazam shug‘ullanib kelgani aytilmoqda.
Viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida guruh a’zolari jinoiy faoliyat ustida qo‘lga olingan. Hodisa joyidan xo‘jalik buyumlari hamda qazish ishlari uchun foydalanilgan uskunalar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 196-prim 2-moddasi 2-qismi — yerdan va yerosti boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.