Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida 21-avgust kuni Alisher Navoiy yodgorligini qayta tiklash va obodonlashtirish loyihasiga tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Tadbirda Mozori Sharif shahar hokimi Abdulrahmon Hemmat, Tashqi ishlar vazirligining Balx viloyatidagi vakolatxonasi rahbari Aminulla Sodiq, O‘zbekiston konsulxonasi xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Abdulrahmon Hemmat o‘z nutqida Alisher Navoiy shaxsiyatiga chuqur hurmat bilan qarashini ta’kidladi. Uning Mozori Sharifning Muxobirot chorrahasida joylashgan, keyingi yillarda ancha xarob va ko‘rimsiz holga kelib qolgan yodgorligini qayta tiklash bo‘yicha shahar hokimligining qarori qabul qilingani ma’lum qilindi.

Yangidan barpo etiladigan majmua uchun katta yer maydoni ajratildi, unda Navoiyning tarjimayi holi, hayot yo‘li, davlat arbobi sifatida amalga oshirgan xayrli ishlari aks ettirilgan lavha o‘zbek, ingliz, dari va pushtu tillarida o‘rnatiladi, shuningdek, kutubxona tashkil etiladi.

Ushbu yodgorlik-majmuasini mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan munosib maskanga aylantiramiz”, dedi shahar hokimi.

Alisher Navoiy yodgorlik-majmuasi qurilishi shahar hokimligi byudjetidan moliyalashtiriladi va bir oy muddatda qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston konsuli Jafar Fattayev Alisher Navoiy yodgorligining qayta tiklanishi va atrofining obodonlashtirilishi bo‘yicha boshlangan xayrli ishlar Afg‘onistonda ushbu buyuk siymoga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tibordan darak berishini ta’kidladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 22/08/2025