Jizzax viloyatining Forish tumanidagi bir nechta davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarning ovqatdan zaharlanishi holati qayd etildi. Bu haqda tuman hokimligi xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 9-oktyabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida Forish tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli bogʻchalarning 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma, koʻngil aynishi, qorin ogʻrigʻi, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Shifokorlar tomonidan oʻtkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida bolalar 8-oktyabr kuni biokefir, sir va sariyogʻ mahsulotlarini isteʼmol qilgani aniqlangan. Ularga dastlabki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra “oʻtkir diareya” tashxisi qoʻyilib, stasionar sharoitda davolanish choralari koʻrilgan.

Jizzax viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga koʻra, holatga oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va ishlov berish jarayonlarida sanitariya qoidalarining buzilishi sabab boʻlgan.

Mazkur holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (“Sanitariya qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 10/10/2025