O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 23-mart kuni Janubiy Koreyada yuz bergan yirik yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 20-mart kuni Tejon shahrida joylashgan avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchi zavodda yong‘in kelib chiqqan. Hodisa oqibatida korxonadagi qariyb 170 ishchidan 14 nafari halok bo‘lgan, 60 kishi turli darajada jarohat olgan.
“Tegishli ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Mazkur masala vazirlikning Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan doimiy nazoratga olingan va Koreyadagi diplomatik vakolatxonamiz orqali tegishli idoralar bilan hamkorlikda ishlar davom ettirilmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.
Zarurat tug‘ilganda Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar elchixonaga murojaat qilishi mumkinligi eslatilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in sabablari hozircha noma’lum. Guvohlar hodisa vaqtida zavod hududida portlash yuz berganini bildirgan.
Voqea ortidan Li Je Myong 21-mart kuni hodisa joyiga borib, qutqaruv ishlarining borishi bilan tanishgan hamda halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilalari bilan uchrashgan.
Zavod egasi — Anjeon Industry rahbari esa jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yaqinlaridan uzr so‘rab, hodisa sabablarini aniqlash va yordam ko‘rsatish bo‘yicha rasmiylar bilan hamkorlik qilishga va’da bergan.