Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasining 7 nafar inspektori tabiatni muhofaza qilish borasidagi jasorati uchun “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
15-iyul kuni Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan Peshku tumanining “Safron” cho‘l massivida reyd tadbiri o‘tkazilgan. Reyd davomida inspektorlar saksovulfurushlarning jiddiy qarshiligiga duch kelgan, qonunbuzarlar inspektorlarga tan jarohati ham yetkazgandi.
Ular, shuningdek, turli sovuq qurollar (bita, armatura, temir truba) bilan boshqarmaning avtomashinasini urib pachoq qilgan hamda inspeksiya boshlig‘ini har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagandi.
“Ammo inspektorlar o‘z jonini xatarga qo’yib bo‘lsada ortga chekinmaydi va huquqbuzarlikka chek qo‘yilib, qat’iy chora ko‘riladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasida 2-avgust kuni ushbu reydda qatnashgan 7 nafar inspektor “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ekologiya vazirligi ushbu inspektorlarga o‘z kasbiga sadoqat, jasorat va mas’uliyati uchun minnatdorlik bildirdi.