O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarima 60 kun ichida to‘lanmasa, avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin. Yangi tartib Ichki ishlar vazirining 4-sentabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada belgilandi.
Hujjat 5-noyabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 6-noyabrda rasmiy e’lon qilingan. Yo‘riqnoma rasmiy e’lon qilinganidan ikki oy o‘tib kuchga kiradi.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarima qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak. Agar qaror ustidan shikoyat yoki protest berilib, u qanoatlantirilmasa, jarimani to‘lash uchun bu haqda xabar berilgan kundan boshlab 30 kun muddat beriladi.
Belgilangan muddatda jarima to‘lanmasa, transport vositasi haqidagi ma’lumotlar YHXX xodimlarining planshetlari va boshqa axborot tizimlarida avtomatik ravishda aks etadi. Shundan so‘ng xodimlar ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmasdan, avtomobilni jarima maydonchasiga joylashtiradi.
Transport vositasi jarima haqidagi qaror ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi.
Biroq haydovchi jarimani elektron to‘lov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali joyida to‘liq to‘lasa va to‘lov elektron tizimda tasdiqlansa, avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilmaydi.
Jarima maydonchasiga joylashtirilgan avtomobilni qaytarib olish uchun qarzdorlik to‘langan bo‘lishi kerak. To‘lov tasdiqlangach, transport vositasini qaytarish uchun elektron ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
Jarimani chegirma bilan to‘lash tartibi saqlanadi
Yo‘riqnomaga ko‘ra, jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarimaning 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy to‘lagan shaxs qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Mazkur tartib qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim holatlarga tatbiq etilmaydi.