O‘zbekistonlik 40 nafar fuqaro Yaponiyada oshpazlik bo‘yicha ta’lim olib, keyinchalik mamlakatda mehnat qilishi mumkin. Dastur doirasida ishtirokchilar yapon tili va oshpazlik kasbini O‘zbekistonda o‘rganib, so‘ng Yaponiyada ta’limni davom ettiradi.

Migratsiya agentligi Yaponiya kompaniyalari va Kanazawa Professional University of Food Management vakillari bilan malakali oshpazlar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish masalalarini muhokama qildi.

Kelishuvga ko‘ra, dastlabki 40 nafar o‘zbekistonlik ikki bosqichda tayyorlanadi. Birinchi bosqich 6 oy davom etib, O‘zbekistonda tashkil etiladi. Unda INTIL markazi hamda Bo‘stonliq tumanidagi kasbiy ta’lim muassasasida yapon tili va oshpazlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Keyingi 1 yil davomida ishtirokchilar Yaponiyada kasbiy ta’limni davom ettirishi va bir vaqtning o‘zida ishlashi rejalashtirilmoqda.

Dastur qatnashchilari Yaponiyada davlat tomonidan e’tirof etilgan oshpazlik litsenziyasini olishga tayyorlanadi. Talablarni bajargan va litsenziyaga ega bo‘lgan mutaxassislar dunyo bo‘ylab yapon restoranlarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ro‘yxatdan o‘tish tartibi tasdiqlangach, dastur bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 09/11/2026