Toshkentda 5-noyabrga o‘tar kechasi 2–6 millimetr yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Bu esa havodagi mayda chang zarrachalari miqdorini kamaytirib, atmosfera havosi sifatini yaxshilashga yordam berishi mumkin. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Prognozlarga ko‘ra, poytaxtda kechki, tungi va ertalabki soatlarda havo sifati xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha “o‘rtacha”, ayrim vaqtlarda esa “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” darajada bo‘lishi mumkin.

Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosan “yashil”, qisqa muddat davomida esa “sariq” darajada bo‘lishi kutilmoqda. 5-noyabr kuni ertalab xalqaro AQI bo‘yicha havo sifati “o‘rtacha”, milliy indeks bo‘yicha esa asosan “yashil” darajada bo‘lishi prognoz qilingan.

Havo ifloslanishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?

Mutaxassislar havo ifloslanishiga inson faoliyati bilan birga tabiiy chang, yog‘ingarchilikning kamligi va noqulay meteorologik sharoitlar ham ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.

Toshkent tog‘oldi hududida, vodiyga tutash joyda joylashgan. Bu yerda shimoli-sharq va janubi-g‘arb yo‘nalishlaridan esadigan shamollar atmosfera havosining almashinuvi va ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishiga ta’sir qiladi.

Yog‘ingarchilik kamligi havodagi chang zarrachalarining yuvilib ketishini susaytiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yorga nisbatan qariyb olti barobarga kamaygan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 04/11/2026