AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari O‘zbekistondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi UzAutoMotors’ni sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Biroq kompaniyani xususiylashtirish bo‘yicha yakuniy qaror ochiq xalqaro savdolar orqali qabul qilinadi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8-oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyani xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Keyingi bosqichda savdolarni tashkil etuvchi xalqaro maslahatchi tanlanadi. U aktivni baholashda ishtirok etadi, kompaniya faoliyati esa auditdan o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng, xususiylashtirish haqida mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari orqali e’lon berilib, qiziqish bildirgan talabgorlar to‘g‘risida ma’lumot to‘planadi.

“Bugungi kunda bizga takliflar kelib tushmoqda. Xususan, Amerika, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari tomonidan qiziqish bildirilgan. Lekin qiziqishlar bildirilgani kompaniya unga sotiladi degani emas. Vasvasaga tushishmaslik lozim. Chunki bu bizni raqobat sharoitida xususiylashtirishni amalga oshirishimizga salbiy ta’sir qilib qolishi mumkin. Ochiq, xalqaro savdo o‘tkazamiz”, dedi Sohibjon Murodov.

Agentlik rahbarining qayd etishicha, zarur tayyorgarlik bosqichlari yakunlanib, talabgorlar bilan muzokaralar o‘tkazilgach, sotuv jarayoni e’lon qilinadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 09/10/2026