Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida yangi Qoratau gaz-kondensat koni ochildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” xabar berdi.
Ustyurt hududining markaziy qismida joylashgan Qoratau maydonida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida quyi yura qatlamlarida sanoat ahamiyatiga ega tabiiy gaz uyumlari aniqlangan.
Maydondagi 1-sonli izlov qudug‘i 4 860 metr chuqurlikkacha burg‘ilangan. 3-oktyabr kuni o‘tkazilgan sinovlar davomida quyi yura qatlamlarining 3 273–3 213 metr chuqurlik oralig‘idan tabiiy gaz va kondensat oqimi olingan.
Shu tariqa yangi Qoratau gaz-kondensat koni ochilgan.
Rejaga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha Qoratau maydonida 2-sonli izlov qudug‘ini burg‘ilash yakunlanadi. Shuningdek, 3 va 4-sonli izlov-qidiruv quduqlarida burg‘ilash ishlari boshlanadi.
“O‘zbekneftgaz”ga ko‘ra, Qoratau maydonidagi natijalar Ustyurtda chuqur qatlamlarni o‘rganish bo‘yicha yangi istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlash imkonini bergan.