O‘zbekistonda farzandi xususiy maktab yoki bog‘chada o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 million so‘mdan 6 million so‘mga oshiriladi. Bu haqda 30-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, yangi tartib oilalarga yiliga 6–7 million so‘mgacha mablag‘ni tejash imkonini beradi. Soliq idoralari to‘lovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandida ota-onalarning har bir farzandi uchun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar xizmatlariga oyiga 3 million so‘mgacha yo‘naltirilgan daromadi daromad solig‘idan ozod qilinishi belgilangan.
Hozirda imtiyozdan ikki xil usulda foydalanish mumkin. Birinchi holatda ota-ona ish beruvchiga farzandining xususiy maktab yoki bog‘cha to‘lovi uchun ish haqidan mablag‘ o‘tkazish haqida ariza beradi. Bunda ta’lim tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma ham taqdim etiladi.
Ikkinchi usulda ota-ona ish haqini olgach, farzandining ta’limi uchun xususiy maktab yoki bog‘chaga to‘lov qiladi. Bunday holatda ortiqcha to‘langan daromad solig‘ini qaytarib olish uchun soliq organiga murojaat qilish mumkin.