O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar—avgust oylarida 222,5 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foiz ko‘p. Ma’lumotlar Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida keltirilgan.

Avgust oyining o‘zida qariyb 25,1 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi tuzilgan. Bu 2025-yil avgustiga nisbatan 0,2 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.

Uy-joy bozoridagi eng yuqori faollik mart oyida kuzatilib, bitimlar soni 43,5 mingtaga yetgan. Aprel va may oylarida faollik pasaygan bo‘lsa, iyun va iyul oylarida oyiga 25–26 mingta bitim qayd etilgan. Avgustda ham shu darajadagi faollik saqlanib qolgan.

Avgust oyida uy-joy savdosi 14 ta hududning 6 tasida o‘sgan. Toshkent shahrida 7,4 mingta oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilib, yillik hisobda 2,2 foiz o‘sish qayd etilgan.

Yil boshidan buyon poytaxtda uy-joy savdosi 27,5 foizga oshgan. Shu davrda Sirdaryo viloyatida o‘sish 25,4 foizni, Andijon viloyatida esa 23,8 foizni tashkil etgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 22/09/2026