Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida mijozning avtomobil uchun to‘lov sifatida olib kelgan 5700 dollarini egallash maqsadida uni o‘ldirgan bank xodimiga sud hukmi o‘qildi. Sudlanuvchi 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Millar” dasturida ma’lum qilindi.
Tergovda aniqlanishicha, bank xodimi mijozda mashina to‘lovi uchun 5700 dollar borligini bilgan va pulni qo‘lga kiritish rejasini tuzgan. U mijozning ishonchiga kirib, turli bahonalar bilan uni ko‘chaga chiqishga ko‘ndirgan. Shundan so‘ng yigitni o‘zining Tracker avtomobilida odamlar kam yuradigan joyga olib borgan.
U yerda mijoz bilan ataylab janjal chiqargan va uni avtomobildan tushirishga uringan. Qarshilikka uchragach, o‘zi bilan olib yurgan oshxona pichog‘i bilan jabrlanuvchiga bir necha bor zarba berib, uni qasddan o‘ldirgan.
Shundan keyin jinoyat izlarini yashirish maqsadida jasadni avtomobilga solib, bankka qaytgan. Ish vaqti tugagach esa marhumning jasadini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.
Olti kun davom etgan qidiruv ishlari natijasida marhumning jasadi kanaldan topilgan. Qidiruvga Favqulodda vaziyatlar vazirligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari va mahalliy aholi vakillari ham jalb etilgan.
Marhumning onasi sud jarayonida o‘g‘lining avtomobil olish uchun pul yig‘gani va voqea kuni uyidan xursand bo‘lib chiqqanini aytgan.
Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” va “i” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud hukmi bilan marhumning qonuniy vakiliga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.