Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud 15-sentyabr kuni O‘.B.ni qamoqdan ozod qilish haqida qaror chiqardi. U.S.ga nisbatan masala esa keyingi sud majlisiga qoldirildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Mazkur ish 2025-yil avgustida Istanbulning Umraniye tumanida sodir bo‘lgan voqeaga borib taqaladi. O‘shanda Ihlamurkuyu mahallasidagi Aytashi ko‘chasida 1992-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayolga pichoqli hujum qilingan.
Voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari ayolning bo‘ynidan jarohat olgani va hodisa joyida vafot etganini aniqlagan. Dastlab hujumni sodir etgan shaxs voqea joyidan qochib ketgani, politsiya esa uni aniqlash va qo‘lga olish choralarini ko‘rayotgani haqida xabar berilgan.
Keyingi tergov jarayonida O‘zbekiston fuqarosi U.S. ayolni o‘ldirishda, O‘.B. esa jinoyatni sodir etishga yordam berganlikda ayblangani ma’lum bo‘lgan.
15-sentyabrdagi sud majlisida O‘.B.ni qamoqda saqlash uchun yetarli asoslar mavjud emas, deb topildi va u ozod qilindi. U.S.ga nisbatan qaror chiqarish esa navbatdagi sud majlisiga qoldirildi.