Aktyor Musulmonbek Yunusov voyaga yetmagan qiziga nogironlik belgilash va uni o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bola sifatida rasmiylashtirishda muammolarga duch kelgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilgandi. U murojaatida poliklinika hamshirasi xizmat haqi sifatida 300 dollar so‘raganini bildirgan. Ijtimoiy himoya agentligi 3-sentyabr kuni holat yuzasidan bayonot berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bolaning nogironligini qayta belgilash bo‘yicha murojaat o‘rganilgan. Ariza 2026-yil 18-may kuni 71-son oilaviy poliklinika tomonidan qabul qilingan va 21-may kuni Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga (TIEK) elektron yo‘llanma yuborilgan.

5-iyun kuni 127-son Sergeli tumanlararo TIEK tomonidan ko‘rik o‘tkazilib, qizga 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bola sifatida xulosa berilgan.

Biroq mazkur xulosa tasodifiy elektron qayta tekshiruvga tushgan. Samarqand viloyati TIEK eksperti hujjatlar asosida uni qayta ko‘rib chiqib, bolaning o‘zgalar parvarishiga muhtojligi haqidagi qismni olib tashlagan. Natijada faqat 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola sifatida xulosa shakllantirilgan.

Agentlikning qayd etishicha, tasodifiy qayta tekshiruv natijasida xulosa 127-son Sergeli tumanlararo TIEK tomonidan to‘liq o‘rganilmagan.

Shundan so‘ng Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, 3-sentyabr kuni bola qayta ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning tibbiy hujjatlari va obyektiv holati qayta baholanib, yana 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bola sifatida xulosa shakllantirilgan.

300 dollar talab qilingani bo‘yicha tekshiruv boshlandi

Aktyorning videomurojaatida poliklinika shifokori tomonidan 300 AQSh dollari talab qilingani haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rganish olib bormoqda.

Agentlik ushbu holat yuzasidan Sergeli tumanlararo TIEK va Inson markazining mas’ul rahbarlari hamda xodimlariga nisbatan ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan keskin choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, fuqarolar chiqarilgan xulosadan norozi bo‘lsa, bir oy ichida viloyat yoki shahar TIEKiga, shuningdek 5 kun ichida Respublika TIEKiga murojaat qilishi mumkinligi eslatildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 04/09/2026