O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida prezident farmoni bilan 852 nafar mahkum afv etildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.
Farmonga muvofiq, Konstitutsiyaning 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslar afv etilgan.
Ularning:
- 604 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi;
- 115 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi;
- 52 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi;
- 81 nafarining ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 7 nafari chet el fuqarolari, 63 nafari esa taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslardan iborat.
Shuningdek, afv etilganlar orasida 375 nafar yosh, 49 nafar ayol hamda 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor.
2017-yildan beri 10,5 mingdan ortiq mahkum afv etilgan
2025-yilda Mustaqillik bayrami arafasida 523 nafar mahkum afv etilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yildan buyon prezidentning afv etish bilan bog‘liq 31 ta farmoni e’lon qilingan. Ushbu farmonlar asosida jazo muddatini o‘tayotgan jami 10 567 nafar shaxs afv etilgan.
2026-yilgi farmon bilan afv etilgan 852 nafar shaxs ham qo‘shilganda, mazkur davrda afv etilganlar soni 11 ming nafardan oshadi.