Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda umumiy qiymati 50 trillion so‘mlik 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi, shuningdek, 91 ta ijtimoiy soha obyekti ishga tushirildi.

Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratilishi, davlat budjetiga esa yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum kelib tushishi kutilmoqda.

Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi sohalarni qamrab olgan.

Hududlarda energetika loyihalari ishga tushirildi

Sirdaryo viloyatida umumiy quvvati 1 573 megavatt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Qoraqalpog‘istonda esa 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi foydalanishga topshirildi.

Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

91 ta ijtimoiy obyekt foydalanishga topshirildi

Yangi ijtimoiy obyektlar orasida 36 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.

Ular orasida Yangi Toshkentda 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining yangi majmuasi ham mavjud. Majmuada 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.

Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega yangi Milliy kutubxona, Qarshi shahridagi 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universiteti hamda Farg‘ona viloyatidagi zamonaviy tibbiyot muassasasi ishga tushirildi.

So‘nggi 10 yilda 160 mlrd dollar investitsiya jalb qilingan

Marosimda Shavkat Mirziyoyev so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2,5 barobardan ziyod oshganini ta’kidladi.

Bu davrda mamlakatga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan. Umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirilgan.

Prezident yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investorlar, tadbirkorlar, quruvchilar va muhandislarga minnatdorlik bildirdi.

Marosim yakunida ramziy tugma bosilib, 72 ta investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti rasman foydalanishga topshirildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 26/08/2026