Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboni atrofida “Yashil to‘lqin” svetofor tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida xiyobon atrofida va unga tutash chorrahalarda avvalroq 5 ta yangi svetofor obyekti o‘rnatilgandi. Endilikda barcha 5 ta svetofor o‘zaro sinxronlashtirilib, yagona “Yashil to‘lqin” algoritmi asosida ishlamoqda.
Tizimga ko‘ra, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasida, Beeline ofisi yaqinida, yashil signalda harakatni boshlagan avtomobil Amir Temur xiyoboni atrofidagi aylanma chorrahadan o‘tib, svetoforlarda to‘xtamasdan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab Oloy bozori tomon harakatini davom ettirishi mumkin.
Qarama-qarshi yo‘nalishda esa Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomondan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab kelayotgan avtomobillar ham aylanma chorrahadan o‘tib, “Yashil to‘lqin” rejimida Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasigacha yetib borishi mumkin.
“Yashil to‘lqin” qanday ishlaydi?
Tizim barcha svetoforlarda yashil signal bir vaqtda yonishini anglatmaydi. Keyingi svetoforda yashil chiroqning yonish vaqti avtomobilning yo‘l qismini bosib o‘tishi uchun zarur vaqtni hisobga olgan holda belgilanadi.
Agar haydovchi yo‘nalishga yashil signalda kirsa, bir maromda harakatlansa, belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilsa va transport oqimi erkin bo‘lsa, keyingi svetoforga yashil signal yongan paytda yetib boradi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, tizimning ishga tushirilishi svetoforlar oldidagi ortiqcha to‘xtashlarni kamaytirib, transport harakatini bir maromga tushirishga xizmat qiladi. Shuningdek, chorrahalardagi navbatlar va kutish vaqtini qisqartirish kutilmoqda.
Hozirda Amir Temur xiyobonidagi aylanma chorrahadan Maxtumquli ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishni ham “Yashil to‘lqin” tizimiga ulash algoritmi ishlab chiqilmoqda.