O‘zbekistonda banklardan qarz olganlarning 29 foizida bittadan ortiq kredit mavjud. Bir qarz oluvchiga o‘rtacha 1,7 ta kredit to‘g‘ri keladi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy ommaboplik bo‘yicha ilk hisobotida ma’lum qilindi.

Aholining 20 foizi bank kreditidan foydalanmoqda

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda katta yoshli aholining 20 foizi banklarda amaldagi kredit hisobvarag‘iga ega. Yana 7 foiz aholi tartibga solinadigan mikromoliya tashkilotlarida faol kredit hisobvarag‘idan foydalanadi.

Regulyator bir qarz oluvchining bir nechta kreditdan foydalanishi amaliyoti keng tarqalganini qayd etgan. Bu kreditdan foydalanish darajasi va qamrovi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Avvalroq banklardan kredit olgan aholining taxminan 27 foizi, ya’ni 1,4 million kishida ikki yoki undan ortiq kredit borligi ma’lum qilingandi. Yangi tahlilda bu ko‘rsatkich 2 foiz bandga oshgan.

Kredit portfelining 38 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi

Ayollar orasida bank kredit hisobvarag‘iga ega bo‘lganlar ulushi 19 foizni tashkil etgan. Bu katta yoshli aholi bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichdan 1 foiz bandga past.

2025-yilda ajratilgan yangi chakana kreditlarning 35 foizi, chakana kredit portfeli qoldig‘ining esa 38 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, voyaga yetgan ayollarning 86 foizi bank hisobvarag‘iga ega. Katta yoshli aholi bo‘yicha ham ushbu ko‘rsatkich 86 foizni tashkil etadi.

Muammoli kreditlar ulushi 3 foiz

Hisobotga ko‘ra, aholining jami kreditlari tarkibida muammoli qarzlar ulushi 3 foizni tashkil etgan.

Markaziy bank muammoli qarzdorlikni qoplash uchun banklarda yetarli zaxiralar shakllantirilganini bildirgan. Shu bilan birga, kredit qiymati va shartlarining shaffof hamda tushunarli bo‘lishi, to‘lov miqdori va jadvalining qarz oluvchining moliyaviy imkoniyatlariga mos kelishiga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan.

Regulyatorga ko‘ra, kreditlash sifati ajratilgan kreditlar soni bilan emas, balki moliyalashtirishning mijoz ehtiyojlariga qanchalik mosligi va ortiqcha qarz yukini yuzaga keltirmasligi bilan belgilanadi.

Kichik va o‘rta biznesning 24 foizi kreditga ega

Kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining qariyb 24 foizi bank yoki mikromoliya tashkilotida amaldagi kredit hisobvarag‘iga ega.

Kredit byurosida qayd etilgan kichik va o‘rta biznes subyektlari ulushi esa taxminan 68 foizni tashkil etgan.

Mazkur tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan mikrokreditlarning 5 foizi to‘liq onlayn kanallar orqali rasmiylashtirilgan. Markaziy bank bu biznes uchun kredit olish jarayonlarini raqamlashtirish hali dastlabki bosqichda ekanini bildirgan.

Kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar banklarning jami kredit portfeli qoldig‘ining 36 foizini tashkil etadi.

Hisobotda ushbu segmentni kreditlash bozorida konsentratsiya indeksi yuqori ekani ham qayd etilgan. Bu kreditlash muayyan darajada bir nechta faol ishtirokchi atrofida jamlanganini anglatadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 19/08/2026