Sirdaryo viloyatida turmush o‘rtog‘idan qasos olish maqsadida ikki voyaga yetmagan farzandini o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2024-yil 1-fevral kuni Guliston tumanidagi ijara xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. 32 yoshli ayol eri bilan kelishmovchilikdan so‘ng undan qasos olishga qaror qilgan.
Sud materiallariga ko‘ra, ayol avval 6 yoshli, keyin esa qo‘shni xonada bo‘lgan 4 yoshli o‘g‘lini o‘ldirgan.
Jinoyatni yashirish maqsadida u bolalarni yonma-yon yotqizib, gaz plitasi va jo‘mraklarni ochib qo‘ygan. Shu orqali farzandlari is gazidan zaharlanib vafot etgan degan tasavvur uyg‘otishga uringan.
Shuningdek, ayol turmush o‘rtog‘iga xat qoldirib, o‘z joniga qasd qilishga uringan. Biroq unga tibbiy yordam ko‘rsatilishi natijasida hayoti saqlab qolingan.
Tunda uyga qaytgan ota farzandlari bilan bog‘liq holatni aniqlagan. Sud-tibbiy ekspertizasi bolalar is gazidan zaharlanmaganini, ularning o‘limiga bo‘g‘ilish sabab bo‘lganini tasdiqlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Ayol Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlarida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq shaxsni, shuningdek, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni qasddan o‘ldirish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, ayolga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.