Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan Salor kanaliga 63 ming 936 kub metr suyuq chiqindi noqonuniy ravishda tashlangani aniqlandi. Holat yuzasidan qurilish ishlarini olib borgan MCHJga 2,2 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Shota Rustaveli ko‘chasida olib borilayotgan qurilish ishlari vaqtida oqova suv quvuriga shikast yetkazilgani hamda oqova suv Salor kanaliga sizib chiqayotgani haqidagi murojaat o‘rganilgan.

O‘rganishlar davomida “B.B.” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi jarayonida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvur shikastlangani aniqlangan. Oqibatda quvurning bir qismi o‘pirilib tushgan va to‘planib qolgan oqova suv hech qanday tozalash ishlari amalga oshirilmasdan maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan to‘g‘ri Salor kanaliga chiqarilgan.

Laboratoriya tahlillari oqova suv tarkibida neft mahsulotlari qoldiqlari ruxsat etilgan me’yordan 5,02 baravar, ammoniy azoti 43,5 baravar, kimyoviy kislorod sarfi 4,9 baravar hamda muallaq moddalar miqdori 13,6 baravar yuqori ekanini ko‘rsatgan. Shuningdek, ifloslangan tuproq namunalarida ham neft mahsulotlari qoldiqlari aniqlangan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qonunbuzarlik oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar uchun MCHJga Salor kanalini ifloslantirgani bo‘yicha 2 milliard 160 million so‘m, tuproqni ifloslantirgani uchun esa 60 million so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.

Shu tariqa, korxonaga hisoblangan umumiy kompensatsiya miqdori 2 milliard 220 million 40 ming 905 so‘mni tashkil etgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 30/07/2026