Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Nurafshon shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligining yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasidagi sharoitlar bilan tanishdi. Davlat rahbari majmua faoliyatini ma’qullab, respublika bo‘ylab hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida ilk bor tashkil etilgan Ijtimoiy himoya majmuasi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga kompleks xizmatlarni bir joyda ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Majmua tarkibida Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyat yuritmoqda.

Majmuaning ishga tushirilishi natijasida Nurafshon shahri hamda O‘rta Chirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlaridagi qariyb 10 ming nafar fuqaro har yili ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi. Muassasada 100 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning jamiyatga to‘laqonli va mustaqil moslashishiga ko‘maklashadi.

Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida fuqarolarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib, nodavlat sektor imkoniyatlarini keng jalb etish orqali besh turdagi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali ko‘p yillar davomida uyidan chiqa olmayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar hamda nogironligi bo‘lgan bolalarning jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘maklashiladi.

Tashrif davomida prezident nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi standartlar va sun’iy intellekt yordamida tashxislash tizimi, shuningdek, Toshkent viloyati tajribasi asosida mahallalardagi ijtimoiy xodimlarning yangicha ishlash mexanizmlari taqdimoti bilan ham tanishdi.

Davlat rahbari ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatga munosib moslashishi va ijobiy ruhiyat bilan yashashiga ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng prezident Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyatidagi “Inson” volontyorlari jamoasi bilan uchrashib, ularning loyihalari bilan tanishdi. Majmua faoliyatini yuqori baholagan davlat rahbari mutasaddilarga hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ma’lum qilinishicha, kelgusida respublika bo‘yicha hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini kamida 90 taga yetkazish rejalashtirilgan. Yangi markazlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ko‘p yashaydigan, transport qatnovi qulay va fuqarolar uchun yetib borish oson bo‘lgan hududlarda tashkil etiladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 23/07/2026