O‘zbekistonda xorijiy davlatlarga sayohat qilayotgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish maqsadida “Xavfsiz turizm” jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu nazarda tutilgan hukumat qarori loyihasi 30-iyulgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Xavfsiz turizm” jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma xorijga sayohat qilayotgan o‘zbekistonliklarning manfaatlarini himoya qilish va favqulodda vaziyatlarda ularga yordam ko‘rsatish uchun xizmat qiladi.

Turoperatorlar 50 ming dollar zaxira mablag‘i kiritadi

Yangi tartibga ko‘ra, chiqish turizmi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi turoperatorlar litsenziya olish uchun jamg‘armaga kamida 50 ming AQSH dollari ekvivalentida zaxira mablag‘i kiritishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, turoperatorlar ushbu mablag‘ning belgilangan miqdordan kamayib ketmasligini doimiy ravishda ta’minlashi shart etib belgilanmoqda.

Jamg‘arma mablag‘lari nimaga sarflanadi?

Hujjat loyihasida jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi holatlarda foydalanish nazarda tutilgan:

  • turistlarga xizmatlar lozim darajada ko‘rsatilmagani oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash;
  • sayohatchilarni vaqtincha joylashtirish;
  • oziq-ovqat, transport va aloqa xarajatlarini qoplash;
  • evakuatsiya va repatriatsiya tadbirlarini moliyalashtirish;
  • sud qarori yoki vakolatli organlarning qarori asosida boshqa zarur xarajatlarni qoplash.

Har bir turist uchun maxsus kod beriladi

Loyihaning yana bir yangiligi — xorijga chiqayotgan har bir turist uchun maxsus turistik kod joriy etilishi.

Ushbu kod Milliy turizm platformasi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladigan yagona elektron identifikatsiya raqami bo‘ladi. Kod orqali turistning:

  • sayohat yo‘nalishi;
  • turoperatori;
  • sug‘urta ma’lumotlari;
  • favqulodda holatlarda bog‘laniladigan shaxslar haqidagi ma’lumotlar

yagona bazada saqlanadi.

Sayohatchilar uchun yangi yig‘im joriy etilishi mumkin

Qaror loyihasiga ko‘ra, har bir sotilgan turistik mahsulot bo‘yicha “Xavfsiz turizm” jamg‘armasiga maqsadli kafolat yig‘imi undiriladi.

Uning miqdori turistik mahsulot sotilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 0,15 baravariga teng bo‘ladi. Hozirgi BHM miqdoridan kelib chiqilsa, bu taxminan 66 ming so‘m atrofidagi yig‘imni tashkil etadi.

Mazkur mablag‘ turistlarni himoya qilish, favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilish va vatanga qaytarish xarajatlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Loyihada qayd etilishicha, maqsadli kafolat yig‘imi Milliy turizm platformasi orqali hisoblanadi va turist uchun turistik kod shakllantirilishidan avval jamg‘arma hisobiga o‘tkaziladi.

Agar hujjat qabul qilinsa, O‘zbekistonda ilk bor xorijga chiqayotgan turistlarni markazlashgan moliyaviy himoya tizimi orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/07/2026