O‘zbekistonda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz saytiga o‘xshash soxta platforma yaratib, fuqarolarning bank kartalaridan mablag‘larni o‘zlashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlar Instagram ijtimoiy tarmog‘ida “kompensatsiya rasmiylashtirish markazi” nomi ostida yolg‘on reklamalar tarqatib, fuqarolarni soxta saytga yo‘naltirgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy sxemani 1993-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs tashkil etgan. U foydalanuvchilardan anketa to‘ldirish hamda bank kartasi ma’lumotlarini kiritishni talab qilgan. Natijada fuqarolarning karta ma’lumotlari qo‘lga kiritilib, mablag‘lari yechib olingan.

IIVning qayd etishicha, ushbu jinoyat bir necha shaxsdan iborat uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan. Guruh faoliyatiga 2002 va 2006-yillarda tug‘ilgan shaxslar ham jalb qilingan.

Aniqlanishicha, ular 26 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 293 ta bank kartasidan foydalangan. O‘g‘irlangan mablag‘lar avval ushbu kartalarga o‘tkazilgan, so‘ng Telegram messenjeridagi maxsus kriptobotlar orqali kriptoaktivlarga aylantirilib, pul mablag‘lari izini yashirishga urinishgan.

Tergov davomida jinoiy guruh respublika bo‘ylab 456 nafar fuqarodan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida gumondorlar qo‘lga olingan va ularning faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 278-6-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 17/07/2026