Uzbekistan Airports va Xitoyning Air China aviakompaniyasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Tomonlar Pekin—Toshkent—Pekin yo‘nalishidagi muntazam reyslar sonini haftasiga 3 tadan 7 tagacha oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Uzbekistan Airports markaziy ofisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Air China delegatsiyasiga tashqi direktorlar Syuy Nyan’sha, Tam Van Chi va Gao Chunley boshchilik qildi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aviaqatnovlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Pekin—Toshkent—Pekin yo‘nalishidagi muntazam reyslar sonini amaldagi haftasiga 3 martadan 7 martagacha, ya’ni har kunlik qatnovga yetkazish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Air China’ning O‘zbekistondagi parvozlar geografiyasini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Uzbekistan Airports vakillari kompaniyaga mamlakat xalqaro aeroportlari infratuzilmasi hamda xalqaro reyslarni qabul qilish imkoniyatiga ega hududiy aeroportlarning salohiyati haqida ma’lumot berdi.
Xitoy aviakompaniyasi vakillari, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi aeroportlariga qiziqish bildirdi. Ular ushbu hudud bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaaloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Air China vakillariga ko‘ra, Farg‘ona vodiysi turizm, biznes va gumanitar aloqalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan katta salohiyatga ega bo‘lib, yangi aviayo‘nalishlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishi mumkin.