O‘zbekistonda soxta yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan fiskal cheklar orqali qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) keshbeklarini noqonuniy olishga urinish holatlari aniqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil may oyining o‘zida respublika bo‘yicha 389 ta korxonaga tegishli soxta cheklar orqali QQS keshbeklarini olishga uringan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan 248,5 ming nafar fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan.
Natijada ushbu shaxslarga to‘lanishi rejalashtirilgan 83,1 milliard so‘mlik keshbek mablag‘lari vaqtincha to‘xtatilgan. Taqqoslash uchun, aprel oyida bunday shaxslar soni 122,1 ming nafarni, to‘xtatilgan mablag‘lar esa 102,5 milliard so‘mni tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng yirik holatlar Navoiy, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qayd etilgan.
Jumladan, Navoiy viloyatida 13 ta MCHJga tegishli onlayn nazorat-kassa mashinalari (ONKM) cheklari orqali 105 ming 524 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,8 milliard so‘mlik keshbek to‘liq ushlab qolingan.
Farg‘ona viloyatida esa 5 ta MCHJga tegishli cheklar asosida 95 ming nafar fuqaro 38,3 milliard so‘mlik keshbekni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Shundan 3,9 milliard so‘mi to‘lov uchun tasdiqlangan, 34,4 milliard so‘mi esa ushlab qolingan.
Andijon viloyatida 100 ming 458 nafar fuqaro tomonidan 34,1 milliard so‘mlik keshbek rasmiylashtirilgan. Uning 5,8 milliard so‘mi tasdiqlangan bo‘lsa, 23,8 milliard so‘mlik mablag‘ to‘lanmagan.
Soliq qo‘mitasi keshbek tizimini bekor qilish yoki uning amal qilishini cheklash rejalashtirilmayotganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, mazkur tizim aholining xarid madaniyatini oshirish, fiskal intizomni mustahkamlash, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan fuqarolarga Soliq Mobile ilovasida faqat o‘zlari amalga oshirgan xaridlar uchun berilgan fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish, boshqa shaxslar taqdim etgan cheklardan foydalanmaslik tavsiya etildi.
Qo‘mita, shuningdek, soxta cheklarni sotish yoki xarid qilish holatlariga duch kelgan fuqarolar Soliq organlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalariga murojaat qilishi mumkinligini ma’lum qildi.