O‘zbekistonda yer va mol-mulk solig‘idan tushadigan mablag‘larning mahallalarga yo‘naltiriladigan ulushi 10 foizdan 15 foizga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish maqsadida ular uchun 300 milliard so‘mdan ortiq yangi doimiy daromad manbalari shakllantirilmoqda. Bundan tashqari, mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika mahalla jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, mahalla hududida sanitariya qoidalarini buzish va noqonuniy qurilishlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun undiriladigan jarimalarning bir qismi mahalla byudjetlariga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, bo‘sh yer maydonlarini ijaraga berish hamda ayrim bino va inshootlarni sotishdan tushadigan mablag‘larning bir qismi ham mahallalarning o‘zida qoldiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mablag‘lar ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘laklarini qurish, bolalar va sport maydonchalarini barpo etish, mahalla bog‘larini yaratish hamda ehtiyojmand oilalar bandligini ta’minlashga sarflanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarning doimiy daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 22/06/2026