Xorazm viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida qator umumiy ovqatlanish korxonalarida mehnat qonunchiligi talablari buzilgani aniqlandi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hududda norasmiy bandlikka qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan reydlar davomida 37 ta kafe va restoranda 443 nafar xodimning mehnat munosabatlari rasmiylashtirilmagan holda faoliyat yuritayotgani aniqlangan.

Shuningdek, tekshiruvlar vaqtida 677 nafar ishchi belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagani ma’lum bo‘lgan. Yana olti nafar ish beruvchi xodimlar oldidagi fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilmagani qayd etilgan.

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan ish beruvchilarga nisbatan jami 61,8 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.

“Ushbu holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Norasmiy faoliyat yuritayotgan ishchilarning mehnat munosabatlari to‘liq legallashtirildi”, deyiladi inspeksiya axborotida.

Mas’ullar bunday nazorat tadbirlari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash hamda yashirin bandlik holatlarini kamaytirishga qaratilganini ta’kidladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 22/06/2026