Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida investorlar uchun huquqiy kafolatlar tizimi yanada kuchaytirilishini ma’lum qildi.
Davlat rahbari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida investorlar huquqlarini himoya qilish masalasiga to‘xtalib, bu borada kuchli institutlar va xalqaro mexanizmlarning ahamiyati katta ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, mart oyidan boshlab Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan. Markazning huquqiy asoslari alohida Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi.
Prezidentning aytishicha, markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq rejimi yaratiladi. Xususan, foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Shuningdek, kapitalning erkin harakati hamda istalgan valyutada hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati kafolatlanadi.
Bundan tashqari, moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar va “yashil” moliya yo‘nalishlari uchun zamonaviy huquqiy va institutsional tizim shakllantiriladi.
Markaz hududida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator tashkil etilishi ham rejalashtirilgan. Dastlabki bosqichda mazkur imtiyozlar 50 yil muddatga amal qiladi.
Toshkent xalqaro moliya markazida Angliya huquqiga asoslangan maxsus huquqiy tartib joriy etiladi. Shuningdek, nufuzli xorijiy sudyalar va xalqaro ekspertlar faoliyat yuritadigan mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, investitsion mediatsiya tizimini rivojlantirish choralari ham ko‘riladi. Bu maqsadda O‘zbekiston BMTning Singapore Convention on Mediationga qo‘shilish niyatida ekanini bildirdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu choralar natijasida investorlar O‘zbekiston hududining o‘zida xalqaro standartlarga mos huquqiy himoya mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan, teng huquqli va o‘zaro manfaatli sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, joriy yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumida dunyoning 100 ga yaqin davlatidan 4 mingga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etmoqda.