Turkiyaning zilziladan jabrlangan Hatay viloyati Arsuz tumanida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan “O‘zbekiston mahallasi”, Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli 2023-yil 6-fevraldagi vayronkor zilziladan so‘ng O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam turk xalqi xotirasida muhrlanib qolishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyidagi Anqaraga tashrifi chog‘ida rasman ochilgan ushbu turar joy majmuasiga “O‘zbekiston mahallasi” nomi berilgani ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik munosabatlarining yorqin ifodasidir.

Majmua hududida Toshkent va Samarqand nomlari berilgan ko‘chalar, Buxoro jome masjidi, O‘zbekiston Respublikasi “Do‘stlik” bog‘i, Shavkat Mirziyoyev bulvari, milliy an’analar asosida jihozlangan mahalla oshxonasi, bolalar maydonchalari va dam olish maskanlari barpo etilgan.

Ma’lum qilinishicha, O‘rta Yer dengizi sohilida qad rostlagan majmua 24 ta ko‘p qavatli uy va 300 dan ortiq to‘liq jihozlangan xonadondan iborat. Zamonaviy infratuzilmaga ega ushbu turar joy majmuasi O‘zbekiston va Turkiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ramzi sifatida baholanmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 16/06/2026