Qirg‘iziston tomonidan O‘zbekistonga qaytarilgan 21 tonna tarvuz yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar ortidan Qirg‘iziston fitosanitar xizmati hamda mahsulot eksportchisi bilan muloqot o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, Qirg‘izistonga eksport qilingan tarvuzlar Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yetishtirilgan bo‘lib, mahsulot 950 ta qadoqqa joylangan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, fitosanitar sertifikatda mahsulot markirovkalangani ko‘rsatilgan. Biroq surishtiruv davomida qadoqlarda markirovka talablariga to‘liq rioya etilmagani aniqlangan.
Shu munosabat bilan mazkur holat nazoratga olinib, chegara postlarida karantin ostidagi mahsulotlar ustidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha choralar belgilangan.
Shuningdek, agentlik Qirg‘iziston fitosanitar xizmati bilan muloqot chog‘ida ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan boshqa holatlar yuzasidan ham ma’lumot so‘ragan.
Qirg‘iziston tomoni piyoz va pista eksporti bilan bog‘liq xabarlarni tasdiqlamagan hamda ularni asossiz deb baholagan.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi eksportyorlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga tayyorlash va rasmiylashtirish jarayonida fitosanitar talablarga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, fitosanitar xavfsizlik talablariga amal qilinishi mahsulotlarning xorijiy bozorlarga uzluksiz yetkazib berilishi va eksport jarayonlarida muammolar yuzaga kelmasligi uchun muhim omil hisoblanadi.