O‘zbekistonda kafe va restoranlarga xodimlarni soddalashtirilgan tartibda, ya’ni bir kunlik yoki 7 kunlik kabi qisqa muddatga ham rasmiy yollash mumkin bo‘ladi.
“Daryo” tanishgan “Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini to‘lash tartibi joriy etiladi.
Bu taklif 26-may kuni Shavkat Mirziyoyev kichik biznes subyektlari oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishganida bildirilgandi.
“Baʼzi bir umumiy ovqatlanish yoki turizm, mehmonxona sohalarimizda xodimlarni bir kunlik, bir haftalik ishga olish holatlari koʻp kuzatiladi. Bunda xodimni rasmiylashtirishda shu kunning oʻzida, yaʼni oʻsha bir kunlik ish haqi berish evaziga yoki bir haftalik ish haqi berish evaziga xodimni rasmiylashtirish imkoniyati paydo boʻladi”, dedi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
21-aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda umumiy ovqatlanish va mehmonxona sohasida xodimlarni rasmiy ishga olish tartibi amaldagi talablarga mos kelmayotgani bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan edi.
Ma’lumki, ilgari qonunchilik barcha uchun bir xil edi: davlat tashkiloti bo‘ladimi yoki biznes — ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish tartibi umumiy qoidalar asosida amalga oshirilardi. Biroq umumiy ovqatlanish sohasida vaziyat boshqacha: xodimlar ko‘pincha qisqa muddatga ishlaydi, ayrimlari hatto kunlik asosda jalb qilinadi, ish hajmi va grafik doimiy emas.
Endi qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar bilan xodimlarni soddalashtirilgan tartibda — 1 kunlik yoki 7 kunlik kabi qisqa muddatga ham rasmiy yollash mumkin bo‘ladi.