Oman Air 2-iyundan boshlab Maskat—Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, parvozlar haftasiga uch marta — seshanba, juma va shanba kunlari Boeing 737 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi yo‘nalish Toshkent xalqaro aeroportining xorijiy aviatashuvchilar bilan hamkorlik geografiyasini kengaytiradi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalish orqali yo‘lovchilar Maskat xalqaro aeroporti orqali Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Yevropaning qator davlatlariga qulay tutash reyslardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Oman Air Ummon Sultonligining milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviatashuvchi Oneworld global aviatsiya alyansiga a’zo bo‘lib, ushbu alyans tarkibiga British Airways va Qatar Airways kabi kompaniyalar ham kiradi.