Bunyodkor stadioni xodimlarining bir necha oydan buyon to‘lanmay kelgan ish haqlari to‘liq undirib berildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, inspeksiyaning yozma ko‘rsatmasiga asosan, korxonada faoliyat yuritayotgan 49 nafar xodimning jami 867 million so‘mlik ish haqi qarzdorligi to‘liq qoplab berilgan. Hozirda xodimlar oldida oylik bo‘yicha qarzdorlik mavjud emas.

Avvalroq stadion direksiyasining bir guruh texnik xodimlari — qorovul, santexnik, farrosh va elektriklar oylik maoshlar 2025-yil dekabr oyidan buyon kechikayotgani sabab og‘ir iqtisodiy ahvolga tushib qolganini bildirib, ommaviy axborot vositalariga murojaat qilgan edi.

Ularning aytishicha, futbolchilar hamda akademiya xodimlariga maoshlar o‘z vaqtida to‘langan, biroq texnik xodimlar ish haqini olishda muammolar yuzaga kelgan.

Ayrim xodimlar oylik yo‘qligi sabab kredit to‘lovlarini amalga oshira olmay, uyidagi maishiy texnikalarini olib qo‘yishgani, tirikchilik uchun uy jihozlarini sotishga majbur bo‘lishganini bildirgan.

Stadion ma’muriyati esa oyliklarning kechikishini yangi homiy aniqlanishi jarayoni bilan izohlagandi.

Ma’lum bo‘lishicha, vaziyat stadionni moliyalashtirish tizimi o‘zgargani bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu vaqtgacha obyektni saqlash xarajatlari O‘zbekneftgaz tomonidan qoplab kelingan.

Biroq kompaniya gaz qazib olish hajmining kamayishi va tizimdagi muammolar fonida o‘ziga xos bo‘lmagan aktivlarni qisqartirish doirasida 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Bunyodkor”, “Nasaf” va “Buxoro” futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatgan.

Shuningdek, 100 foiz ulushi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga tegishli bo‘lgan “Bunyodkor” direksiyasini moliyalashtirish manbasi uzoq vaqt ochiq qolayotgani aytilgan edi.

Davlat mehnat inspeksiyasi aralashuvidan so‘ng 49 nafar xodimning oylik masalasi hal etildi. Biroq inspeksiya ish haqlari aynan qaysi mablag‘lar hisobidan qoplab berilgani haqida ma’lumot bermadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/05/2026